O‘zDJTUda tarjimon-volontyorlar uchun seminar bo‘lib o‘tdi

2026-yil 25-aprel kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida “Xalqaro zilzila qurbonlarini xotirlash kuni” doirasidagi xalqaro tadbirlarga tayyorgarlik yuzasidan tarjimon-volontyorlar uchun seminar bo‘lib o‘tdi.

Mazkur seminar 29–30-aprel kunlari Toshkent va Samarqand shaharlarida o‘tkaziladigan nufuzli xalqaro tadbirga tayyorgarlikning muhim bosqichi sifatida tashkil etildi. Unda O‘zDJTUdan jalb etilgan 42 nafar tarjimon-volontyor ishtirok etdi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirining birinchi o‘rinbosari Sanjar Tohirovich Zuparov hamda vazirlikning mas’ul boshqarma boshliqlari qatnashib, volontyorlarga zarur tavsiya va ko‘rsatmalar berdilar. Seminar davomida mehmonlarga hamrohlik qilish va tarjimonlik faoliyatini samarali tashkil etish masalalari atroflicha tushuntirildi.

 

 

Ta’kidlanganidek, “Xalqaro zilzila qurbonlarini xotirlash kuni” tashabbusi 2023-yil 6-fevral kuni Turkiya va Suriya hududlarida yuz bergan halokatli zilzila oqibatlari asosida ilgari surilgan. Mazkur fojea minglab insonlar hayotiga zomin bo‘lib, millionlab odamlarning turmush tarziga jiddiy ta’sir ko‘rsatgan.

Ushbu sana BMT Bosh Assambleyasi doirasida ilgari surilgan tashabbuslar asosida xalqaro miqyosda nishonlanmoqda. Joriy yilda esa mazkur tadbirni O‘zbekistonda yuqori saviyada tashkil etish rejalashtirilgan bo‘lib, unda 25 ta davlatdan 100 dan ortiq xorijiy mehmonlar ishtirok etishi kutilmoqda.

Seminar yakunida volontyorlar zimmasiga katta mas’uliyat yuklatilgani va ular xalqaro mehmonlar bilan samarali muloqot o‘rnatishda muhim o‘rin tutishi alohida ta’kidlandi.

 

FM Facebook Twitter Instagram Telegram YouTube YouTube