OʻzDJTUda xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya boʻlib oʻtdi
14-may kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida Ingliz filologiyasi fakulteti qoshidagi Ingliz tilini o‘qitish metodikasi va ta’lim texnologiyalari kafedrasi tomonidan “Zamonaviy tilshunoslik, adabiyot va ta’lim metodikasining dolzarb muammolari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman tashkil etildi.
Konferensiyani universitet rektori, pedagogika fanlari doktori, prof. Ilxomjon Tuxtasinov ochib berdi.
Tadbirda Ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha prorektor Otabek Yusupov, Ingliz filologiyasi fakulteti dekani Yusufjon Azzamov, shuningdek, xalqaro va mahalliy mutaxassislar – Markaziy Osiyo bo‘yicha AQShning mintaqaviy ingliz tili mutaxassisi Kevin McCaughey, AQSh Davlat departamenti vakili, Nukusdagi ingliz tili bo‘yicha ilmiy xodim Dr. Giuseppe Chiaramonte, pedagogika fanlari doktori professor Laylo Ahmadova, TIHAME milliy tadqiqot universitetining dotsenti Dr. Nafis Mahmudxon, Toshkent Kimyo xalqaro unversiteti katta o‘qituvchisi Tolibjon Yuldoshev, Pedagogika fanlari nomzodi, dotsent Valentina Normuratova va boshqalar ishtirok etdi. Mavzular qatorida xorijiy tillarni o‘qitishda tanqidiy fikrlash texnologiyalari, sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar, akademik yozuv, tarjima metodikasi va boshqa dolzarb masalalar muhokama qilindi.
Tadbir doirasida yalpi majlislar, seksiyalar bo‘yicha ma’ruzalar, kitob lotereyasi va sertifikat topshirish marosimi tashkil etildi. Ilmiy sessiyalar zamonaviy tilshunoslik, xorijiy til o‘qitish metodikasi va ta’limdagi innovatsiyalar kabi yo‘nalishlarni qamrab oldi.
Konferensiya ilmiy hamkorlikni mustahkamlash, tajriba almashish va pedagogik sohadagi global yondashuvlarni tatbiq etish yo‘lida muhim platformaga aylandi.