17 dekabr kuni Toshkent shahar Shayxontohur tumanidagi 299-sonli umumta’lim maktabida boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari ishtirokida “O‘qituvchilarda stress holatlarini bartaraf etishda psixologik metod va texnologiyalardan foydalanish” mavzusida psixologik xizmat tadbiri tashkil etildi.
Tadbir davomida pedagog xodimlarda uchraydigan emosional zo‘riqish, professional charchash (emosional byornaut), psixoemosional disbalans kabi holatlar yuzasidan tushunchalar berilib, stressga chidamlilikni oshirishga qaratilgan psixokorreksion va psixoprofilaktik usullar amaliy tarzda qo‘llanildi.
Mashg‘ulotlar jarayonida kognitiv-xulq-atvor terapiyasi elementlari, relaksatsiya texnikalari, nafas olish mashqlari, art-terapiya hamda guruhli psixologik treninglar orqali o‘qituvchilarning ichki resurslarini faollashtirishga alohida e’tibor qaratildi.
Psixologik xizmat O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti psixologi Zebiniso Xayrullayeva hamda xotin-qizlar masalalari bo‘yicha rektor maslahatchisi Feruza Ashurova hamkorligida amalga oshirilib, ishtirokchilarga psixologik holatni baholash, stress omillarini aniqlash, o‘z-o‘zini anglash va emosional intellektni rivojlantirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar taqdim etildi.