12-may kuni Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetida 9-may — Xotira va qadrlash kuniga bagʻishlangan tadbir boʻlib oʻtdi.
Dastur Toshkent shahar Mudofaa orkestri tomonidan harbiy vatanparlik ruhidagi musiqiy chiqish bilan boshlandi.
Soʻng Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti rektori Ilxomjon Tuxtasinov urush maydonlarida jon fido qilgan yurtdoshlarimiz, front ortida fidokorona mehnat qilgan insonlar hamda umrini Vatan, xalq va ilm yo‘lida baxshida etgan fidoyi ustoz va olimlarimiz haqida nutq soʻzlab, tadbirni rasmiy ochib berdi.
Dastur davomida “Barhayot ziyolilar” kitobi taqdimoti, universitetning faol talabalari tomonidan tayyorlangan sahna koʻrinishlari taqdim etildi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar bugungi global dunyoda tinchlikning qadri, Ikkinchi jahon urushining insoniyatga yetkazgan zarari, mazkur urushda ishtirok etgan ajdodlarimiz xotirasini abadiylashtirish nechog‘li ahamiyatga ega ekanligi xususida fikrlar bildirishdi.
Shuningdek, dasturdan tadbirkor, investor, biznes murabbiy Damir Rahmonov, A.Navoiy nomidagi davlat akademik katta teatri solistlari, “Nihol” mukofoti sovrindorlari Umid Isroilov, Aminzoda Jumaniyozov, opera xonandasi Birdina Aybekovna, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Xotamjon Yuldashev chiqishlari oʻrin oldi.
Yakunda taqdirlash marosimi oʻtkazilib, ishtirokchilarga esdalik sovgʻalari topshirildi.
Shuningdek, tadbir doirasida faxriy mehmonlar uchun dasturxon yozilib, milliy taomimiz boʻlgan osh tortiq qilindi.