Akademik litseyda “Psixologik maslahat kuni” tashkil etildi

Joriy yilning 19-dekabr kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti psixologi Z. Xayrullayeva nomidagi universitet akademik litseyida litsey ijrochi direktori M. Obidova tashabbusi bilan “Psixologik maslahat kuni” bo‘lib o‘tdi.

Mazkur tadbirning asosiy maqsadi o‘quvchilar o‘rtasida tazyiq (bulling) va zo‘ravonlik holatlarining oldini olish, bola huquqlarining himoyasini kuchaytirish, shuningdek, ta’lim muassasasida sog‘lom va xavfsiz psixologik muhitni shakllantirishdan iborat bo‘ldi.

Tadbir doirasida malakali psixologlar tomonidan o‘quvchilarga tazyiq va zo‘ravonlikning turlari, ularning psixologik hamda ijtimoiy oqibatlari, bunday vaziyatlarga duch kelganda to‘g‘ri yo‘l tutish, shuningdek, o‘z huquqlarini bilish va himoya qilish mexanizmlari yuzasidan atroflicha tushuntirishlar berildi.

Shuningdek, bola huquqlarini himoya qilishga qaratilgan milliy qonunchilik hujjatlari asosida bolalarning ta’lim olish, erkin fikr bildirish va xavfsiz muhitda yashash huquqlari haqida huquqiy ma’lumotlar taqdim etildi. Psixologlar tomonidan o‘quvchilarga individual yondashuv asosida maslahatlar berilib, ularni qiynayotgan muammolar yuzasidan amaliy tavsiyalar ishlab chiqildi.

Tadbir davomida ota-onalar va pedagog xodimlar uchun ham psixologik maslahatlar tashkil etilib, bolalar bilan samarali muloqot qilish, stress va xavotir holatlarini bartaraf etish hamda zo‘ravonlik belgilarini erta aniqlash bo‘yicha muhim tavsiyalar berildi.

Mazkur “Psixologik maslahat kuni” o‘quvchilarning psixologik barqarorligini ta’minlash, ularda o‘ziga bo‘lgan ishonchni oshirish va huquqiy ongni shakllantirishga xizmat qildi. Bunday tadbirlarni kelgusida ham muntazam tashkil etish rejalashtirilgan.

FM Facebook Twitter Instagram Telegram YouTube YouTube