“Bibliometric Research” kursini yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi

6-aprel kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti huzuridagi pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish tarmoq markazida “Bibliometric Research” kursini tashkil etishga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Unda universitet rektori I. Tuxtasinov, ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor O. Yusupov, xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektor A. Nasirov, Ilmiy-tadqiqotlar, innovatsiyalar va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash bo‘limi boshlig‘i K. Muradkasimova hamda Tarmoq markazi direktori J. Abduganieva ishtirok etdilar.

 

 

Shuningdek, “Bibliometric Research” kursi asoschisi, Scopus bazasida yuqori ilmiy ko‘rsatkichlarga ega mutaxassis Zulfiya Kannazarova ham uchrashuv mehmoni sifatida qatnashdi.

Uchrashuv davomida kursning tuzilishi va uni amalga oshirish mexanizmlari atroflicha muhokama qilindi. Mazkur kurs orqali yosh olimlar, professor-o‘qituvchilar, PhD va DSc doktorantlar hamda mustaqil tadqiqotchilarning:
— Scopus va Web of Science bazalarida ishlash ko‘nikmalarini rivojlantirish
— ilmiy maqolalarni IMRAD talablari asosida tayyorlash
— xalqaro ilmiy jurnallarda nashr etish jarayonlarini o‘rganish
kabi muhim yo‘nalishlar qamrab olinishi ta’kidlandi.

Uchrashuv yakunida kursni zamonaviy yondashuvlar asosida yo‘lga qo‘yish, xalqaro tajribani keng joriy etish hamda ilmiy tadqiqotlar samaradorligini oshirishga qaratilgan kelishuvlarga erishildi.

FM Facebook Twitter Instagram Telegram YouTube YouTube