EKOLOGIK TASHABBUSLAR — KELAJAK UCHUN MAS’ULIYAT

27-yanvar kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi tashabbusi bilan ekologiyani muhofaza qilish, atrof-muhitni asrash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish hamda suvni tejashga qaratilgan ekologik loyiha taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Loyiha taqdimotida O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti rektori Ilhomjon Madaminovich Tuxtasinov, Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor Valijon Sadiyev, yoshlar masalalari bo‘yicha rektor maslahatchisi Sevinch Islomova, shuningdek, talaba-yoshlar va loyiha tashabbuskorlari ishtirok etdi.

Taqdimot doirasida ekologik muammolar va ularning yechimlari, yoshlar ishtirokida amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan amaliy tashabbuslar hamda loyihani keng jamoatchilik orasida ommalashtirish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Ishtirokchilar tomonidan ekologik madaniyatni yuksaltirish, aholining ekologik mas’uliyatini oshirish va barqaror rivojlanishga xizmat qiluvchi g‘oyalar ilgari surildi.

Unda so‘zga chiqqan universitet rektori Ilxomjon Tuxtasinov ekologiya masalasi bugungi kunda global ahamiyat kasb etayotganini ta’kidlab, universitet jamoasi bu boradagi tashabbuslarga doimiy e’tibor qaratishini bildirdi:

“Atrof-muhitni asrash — bugungi kunning eng muhim vazifalaridan biridir. Yoshlarning ekologik ongini yuksaltirishga qaratilgan ekologik loyihalar kelajak uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qiladi. Universitetimiz bunday tashabbuslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlaydi,” — dedi rektor.

Mazkur ekologik loyiha taqdimoti yoshlar orasida ekologik ong va mas’uliyatni mustahkamlashga qaratilgan muhim tashabbus sifatida e’tirof etildi.

FM Facebook Twitter Instagram Telegram YouTube YouTube