Filologiya fanlari doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi bo‘lib o‘tdi
2026-yil 7-yanvar kuni Filologiya fanlari doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasiga oid Ilmiy kengash majlisi bo‘lib o‘tdi. Majlis O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida offline shaklda hamda ZOOM onlayn platformasi orqali tashkil etildi.
Mazkur ilmiy kengash majlisida Abdullayeva Shoxida Norqulovnaning 10.00.06 – Qiyosiy adabiyotshunoslik, chog‘ishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik ixtisosligi bo‘yicha tayyorlagan “Moliyaviy-iqtisodiy matnlarni ingliz tilidan o‘zbek tiliga tarjima qilishning funksional-semantik aspekti” mavzusidagi filologiya fanlari doktori (DSc) ilmiy darajasini olish uchun taqdim etilgan dissertatsiyasi himoyasi bo‘lib o‘tdi.
Dissertatsiya ishi zamonaviy tarjimashunoslik yo‘nalishida dolzarb bo‘lib, unda moliyaviy-iqtisodiy matnlarni tarjima qilish jarayonida funksional va semantik yondashuvlarning nazariy asoslari hamda amaliy jihatlari atroflicha tahlil qilingan.
Ilmiy kengash majlisida O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti rektori Ilxomjon Tuxtasinov ishtirok etib, universitetda ilmiy-tadqiqot faoliyatini rivojlantirish, ilmiy ishlar sifatini oshirish hamda tarjimashunoslik sohasida olib borilayotgan tadqiqotlarning ahamiyati haqida fikr bildirdi.
Himoya davomida dissertant tomonidan bildirilgan savollarga batafsil va dalillarga asoslangan javoblar berildi, ilmiy bahs-munozaralar olib borildi. Ilmiy kengash a’zolari tomonidan dissertatsiya ishining nazariy yangiligi, amaliy ahamiyati hamda tadqiqot natijalarining soha rivoji uchun muhimligi alohida e’tirof etildi.
Himoya yakunida Ilmiy kengash tomonidan belgilangan tartibda yopiq ovoz berish o‘tkazildi hamda Abdullayeva Shoxida Norqulovnaning filologiya fanlari doktori (DSc) ilmiy darajasini olishga loyiq ekani e’tirof etildi.