INGLIZ TILI 3-FAKULTETIDA BO‘SH ISH O‘RINLARI YARMARKASI BO‘LIB O‘TDI
O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining Ingliz tili 3-fakultetida Karyera markazi va Registrator ofisi hamkorligida bitiruvchilar uchun bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirni universitetning o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori Muhammadjon Chutpulatov ochib berib, bitiruvchilarni muvaffaqiyatli tamomlaganliklari bilan tabrikladi. O‘z so‘zida yoshlarni zamonaviy mehnat bozori talablariga mos kasblarga yo‘naltirish, ularning bandligini ta’minlash hamda oliy ta’lim muassasalari va ish beruvchilar o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish muhim vazifalardan biri ekanini ta’kidladi.
Yarmarkada «Youth Globe», «Teach for Uzbekistan», «Tashkent Law School», «LuxWay Travel» va boshqa tashkilotlar vakillari ishtirok etib, bitiruvchilarga mavjud bo‘sh ish o‘rinlari, mehnat bozoridagi imkoniyatlar hamda yosh mutaxassislar uchun yaratilayotgan sharoitlar haqida ma’lumot berdilar.
Tadbir davomida bitiruvchilar ish beruvchilar bilan bevosita muloqot qilish, mavjud vakansiyalar bilan tanishish, rezyumelarini taqdim etish va kelgusidagi mehnat faoliyatiga oid tavsiyalar olish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.