Ingliz tili birinchi fakulteti 4-bosqich talabalari Yakuniy davlat attestatsiyasi imtihonlarini topshirmoqda
O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti Ingliz tili birinchi fakultetining 4-bosqich talabalari uchun Yakuniy davlat attestatsiyasi imtihonlari belgilangan tartib va amaldagi me’yoriy-huquqiy hujjatlar asosida boshlandi. Mazkur attestatsiya bitiruvchi talabalarning ta’lim dasturlari davomida egallagan nazariy bilimlari, amaliy ko‘nikmalari hamda kasbiy kompetensiyalarini kompleks baholashga qaratilgan muhim yakuniy bosqich hisoblanadi.
Imtihonlarning ochilish marosimida O‘zDJTU o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori M.Ch. Chutpo‘latov ishtirok etib, Yakuniy davlat attestatsiyasining ta’lim sifatini ta’minlashdagi o‘rni, bitiruvchi talabalarning kelgusidagi kasbiy faoliyati uchun ahamiyati haqida so‘z yuritdi. Shuningdek, talabalarga o‘z bilim va salohiyatlarini to‘liq namoyon etish, akademik halollik tamoyillariga qat’iy amal qilish hamda imtihonlarda yuqori natijalarga erishish yuzasidan tavsiyalar berdi.
Shundan so‘ng Davlat attestatsiya komissiyasi raisi, ISFT instituti kafedra mudiri, PhD G.B. Najmutdinova so‘zga chiqib, bitiruvchi talabalarga muvaffaqiyat va omad tiladi. Fakultet dekani ham talabalarga murojaat qilib, ularning to‘rt yil davomida erishgan yutuqlari, o‘quv va ilmiy faoliyatdagi faolligini e’tirof etdi hamda kelgusidagi kasbiy faoliyatlarida ularga zafarlar tiladi.
Yakuniy davlat attestatsiyasi jarayonlari shaffoflik, xolislik va adolatlilik tamoyillari asosida tashkil etilgan bo‘lib, talabalarning bilim, ko‘nikma va kompetensiyalarini obyektiv baholash uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratilgan. Mazkur imtihonlar bitiruvchilarning oliy ta’lim davomida egallagan bilim va malakalarini yakuniy baholash bilan birga, ularning kelgusidagi pedagogik va kasbiy faoliyatga tayyorgarlik darajasini aniqlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
2026-06-17 12-53