11-sentabr kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olishga bag‘ishlangan uchrashuv tashkil etildi.
Tadbirni universitet rektori Ilxomjon Tuxtasinov ochib berib, yoshlarning huquqiy savodxonligini oshirish, qonunlarga hurmat ruhida tarbiyalash hamda jinoyatchilikning oldini olishda amalga oshirilayotgan islohotlarning ahamiyatini alohida ta’kidladi.
Uchrashuvda Uchtepa tumani Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik Dilmurod Mirsadiqov, boshqarma boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari, polkovnik Baxodir Xaqnazarov hamda podpolkovnik Abdurashid Ochilov ishtirok etishdi.
Muloqot davomida yoshlarda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, giyohvandlikning oldini olish, kibermakonda yuzaga kelayotgan huquqbuzarliklarning salbiy oqibatlari hamda ularga qarshi samarali kurash masalalari keng yoritildi.
Mutasaddilar tomonidan giyohvandlikning jamiyat hayotiga tahdidi va og‘ir oqibatlari haqida tushuntirish berilib, bu illatga qarshi kurashishning huquqiy va ijtimoiy mexanizmlari atroflicha bayon qilindi. Shuningdek, talabalar uchun raqamli makonda ongli harakat qilish, kiberjinoyatlardan himoyalanish va ijtimoiy tarmoqlardan xavfsiz foydalanish bo‘yicha foydali tavsiyalar berildi.
Tadbir ochiq muloqot ruhida kechdi. Talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, o‘z fikr va takliflarini bildirishdi. Ishtirokchilar esa ularning har bir savoliga batafsil va asosli javob qaytardilar.
Uchrashuv yoshlarning huquqiy ongi va ijtimoiy mas’uliyatini mustahkamlash, shuningdek, jinoyatchilik va turli salbiy illatlarga qarshi kuchli immunitetni shakllantirishda muhim qadam bo‘ldi.