Koreyaning Yongnam universiteti professorlarining OʻzDJTUga tashrifi
2026-yil 21-yanvar kuni Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetida Koreyaning Yongnam universiteti professorlari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Mazkur uchrashuvda professor Mihyan Lee, uning hamkasbi Jiang O, shuningdek OʻzDJTUda faoliyat yuritayotgan koreyalik professor Samil Na ishtirok etdi.
Xalqaro hamkorlik boʻyicha prorektor A. Nasirov mehmonlarga OʻzDJTU faoliyati, koreys tilining o‘qitilishi hamda Koreya oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik aloqalari haqida batafsil ma’lumot berdi. Shuningdek, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish va OʻzDJTUga koreyalik talabalarni jalb etish bo‘yicha o‘z takliflarini bildirdi.
Xalqaro hamkorlik boʻlimi boshligʻi X. Yuldashev hozirgi kunda dolzarb bo‘lgan raqamlashtirish va sun’iy intellektdan foydalanish davrida Koreya jamg‘armasi hamda boshqa donor tashkilotlarning moliyaviy ko‘magida OʻzDJTUda “Sun’iy intellekt markazi”ni tashkil etish, hamkorlikda til va tarjima sohasida malakali kadrlar tayyorlashni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, o‘zbek va koreys tillarida hammualliflikda darsliklar yaratish masalalariga oid takliflarni ilgari surdi.
Tomonlar o‘zaro manfaatli bo‘lgan sohalarda hamkorlik qilishga tayyor ekanliklarini ta’kidlab o‘tdilar.
Ma’lumot uchun:
Yongnam universiteti 1946-yilda tashkil etilgan bo‘lib, Pusan shahridagi yetakchi xususiy universitetlardan biridir. Universitetda 55 ta ta’lim yo‘nalishi va mutaxassisliklar bo‘yicha dasturlar taklif etiladi. Hozirda unda 20 mingdan ortiq bakalavr hamda 10 mingdan ziyod magistratura talabalari tahsil oladi.
Yongnam universiteti xorijiy fuqarolar uchun grantlar ajratish bo‘yicha yetakchi oliygohlardan biri bo‘lib, ushbu OTMda o‘zbekistonlik talabalar ham ta’lim olmoqda.
Professor Mihyan Lee Global ta’lim fakultetida koreys tili mutaxassisi lavozimida faoliyat yuritadi hamda Koreya jamg‘armasi va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikda xalqaro loyihalarni moliyalashtirishda ishtirok etadi. Yongnam universiteti hozirgi kunda Efiopiya va Indoneziya oliy ta’lim muassasalari bilan talabalar uchun onlayn mashg‘ulotlar hamda o‘qituvchilar uchun malaka oshirish kurslarini tashkil etib kelmoqda. Shuningdek, Lee xonim koreys tili bo‘yicha darslik va o‘quv qo‘llanmalarini yaratish ustida ish olib bormoqda.