Mediasavodxonlik karvoni: yangi manzil — O‘zDJTU
Karvonimiz keti uzulmas chorlovlar ichida qoldi! Har manzilga borish — sharaf. Tanlash esa alohida mas'uliyat. Xullas, yana kuchimizni to'plab shijoat bilan yangi manzillar sari otlanyapmiz. Yo'lda hamrohlik qilasiz degan umiddamiz!
Xullas, yana yangi manzildamiz, azizlar! Mamlakatdagi eng nufuzli universitetlardan biri — Oʻzbekiston Davlat Jahon tillari universitetida!
Bugungi trening davomida asosiy e’tibor post-haqiqatlar davrida akademik mas’uliyat va etika masalalariga qaratildi. Ayniqsa, ilmiy tadqiqot jarayonida dezinformatsiya muammosi va uning oldini olish bilan bog’liq muammolar atroflicha muhokama qilindi. Chunki tezis, maqola yoki dissertatsiya yozishda kerakli manbalarni to‘g‘ri tanlash hamda har bir empirik ma’lumotni faktchekingdan o‘tkazish bugungi davrda dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Yosh ilmiy tadqiqotchilar o’z o’rnida bugun olingan yangi ko’nikmalarni ko‘plab tengdoshlari va talabalar bilan bo‘lishadigan kuchli bilimlar multiplikatoriga aylanadi.
Mashg‘ulotlar O‘zDJTU Ilmiy tadqiqotlar, innovatsiyalar va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash bo‘limi hamda Media va kommunikatsiya ilmiy tadqiqot instituti hamkorligida tashkil etilib, tayanch doktorantlar, doktorantlar va mustaqil izlanuvchilar, yosh o’qituvchilarni qamrab oldi. Dastur doirasida mediasavodxonlik, sun’iy intellektning fan va media sohasidagi o‘rni, raqamli xavfsizlik, faktcheking va global trendlar kabi muhim mavzular muhokama qilindi.
Karvonimiz to‘xtamaydi. Oldinda yana yangi maskanlar, yangi muloqotlar bor!