16-dekabr kuni Namangan viloyatida shahar va tuman hokimlarining o‘rinbosarlari, tashkiliy-kadrlar guruhi rahbarlari hamda milliy kadrlar zaxirasiga kiritilgan nomzodlar uchun tashkil etilayotgan o‘quv-amaliy seminar mashg‘ulotlari "Turan Xalqaro Universiteti"da davom ettirildi.
Seminarning asosiy maqsadi — davlatimiz rahbarining 2024 yil 18-20 noyabr kunlari Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasida so‘zlagan nutqlarida belgilangan tashabbuslar, shuningdek, “2025 yil – Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili” doirasida ijro hokimiyati rahbar kadrlari oldida turgan muhim vazifalarni o‘rganish va ularning bilim hamda ko‘nikmalarini rivojlantirishdan iborat.
Ayni mavzuda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining o‘quv jarayonlarini tashkil etishda mas’ul vakil sifatida ishtirok etayotgan O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti rektori Ilxomjon Tuxtasinov tinglovchilarga batafsil ma’lumot berib o‘tdi.
To‘rt kun davom etadigan mazkur seminarda respublika oliy o‘quv yurtlari rektorlari, professor-o‘qituvchilari va tajribali mutaxassislar ishtirok etmoqda. Seminar davomida hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish dasturlarini ishlab chiqish, mahallabay ishlash, yoshlar siyosati, tadbirkorlikni rivojlantirish va aholi muammolarini hal etish kabi muhim mavzularda o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etilmoqda.