NAVRO‘Z SAYLI O‘ZDJTUDA BAYRAMONA RUHDA NISHONLANDI
Bugun O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida keng ko‘lamli “Navro‘z Sayli” tadbiri bo‘lib o‘tdi. Tadbirni universitet rektori Tuxtasinov Ilxomjon Madaminovich ochib, Navro‘zning asrlar davomida nishonlanib kelayotgan milliy bayramimiz ekanligini ta’kidladi. Rektor barcha yig‘ilganlarni bayram bilan samimiy tabrikladi va milliy qadriyatlarimiz, bayram kayfiyati haqida so‘zlab, talabalar va professor-o‘qituvchilarni birgalikda ushbu iliq va ko‘tarinki damlardan bahramand bo‘lishga chorladi.

Tadbir O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti ma’muriyati va Uchtepa tumani hokimligi hamkorligida tashkil etildi. Tadbirga Uchtepa tumani hokimi Mamadjanov Bunyod Baxtiyorovich tashrif buyurdi. Bayram universitet rahbariyati, professor-o‘qituvchilar, talaba faollar va madaniyat bo‘limi xodimlari bilan birgalikda o‘tkazildi. Hudud bayramona ruhda bezatilib, sahna va maydonchalar maxsus jihozlar bilan tayyorlandi, milliy an’ana va qadriyatlarni aks ettiruvchi ko‘rgazmalar o‘rnatildi.
Talabalar, professor-o‘qituvchilar va tashkilotchilar barcha mehmonlar uchun qulay sharoit yaratib, bayram dasturini yuqori saviyada o‘tkazishga alohida e’tibor qaratdi. Bayram davomida universitetdagi iliq va ko‘tarinki muhit, samimiy tabriklar va quvonchli kayfiyat barcha ishtirokchilarda unutilmas taassurot qoldirdi.
