Bugun Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi raisi Ahmadbek Yusupov O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetiga tashrif buyurdi. Tashrif doirasida universitet rahbariyati hamda ilmiy faoliyat olib borayotgan tadqiqotchilar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda universitet rektori Ilxomjon Tuxtasinov, mustaqil izlanuvchilar hamda yosh tadqiqotchilar ishtirok etdi. Muloqot davomida mamlakatda ilmiy-tadqiqot faoliyatini rivojlantirish, ilmiy darajalar berish jarayonlarini takomillashtirish, dissertatsiya ishlari sifatini oshirish, shuningdek, ilmiy rahbarlik institutida mavjud muammolar va ularning yechimlari muhokama qilindi.
Tadqiqotchilar tomonidan ilmiy ishlarni himoya qilish jarayonidagi tashkiliy masalalar, hujjatlar bilan bog‘liq murakkabliklar, ilmiy kengashlar faoliyati hamda amaldagi me’yoriy-huquqiy hujjatlarni qo‘llashda uchrayotgan qiyinchiliklar yuzasidan taklif va mulohazalar bildirildi.
OAK raisi ushbu masalalar bo‘yicha batafsil tushuntirish berib, ilmiy sohada shaffoflikni ta’minlash va tadqiqotchilar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish ustuvor vazifalardan biri ekanini ta’kidladi.
Uchrashuv yakunida ilmiy salohiyatni oshirish, yosh olimlarni qo‘llab-quvvatlash hamda universitetda ilmiy muhitni yanada faollashtirishga qaratilgan qator takliflar ilgari surildi.