O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti delegatsiyasining Boku Slavyan universitetiga tashrifi
Kunning ikkinchi yarmida O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti vakillaridan iborat delegatsiya Boku Slavyan universitetiga tashrif buyurdi. Mazkur tashrif O‘zbekiston va Ozarbayjon oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish, akademik hamda ilmiy aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan muhim tashabbus sifatida e’tirof etildi.

Delegatsiyani Boku Slavyan universiteti rektori Anar Nagiyev boshchiligidagi universitet jamoasi iliq va samimiy ruhda kutib oldi. Uchrashuvlar davomida o‘zaro hurmat, ochiq muloqot va konstruktiv hamkorlik muhiti hukm surdi.
Delegatsiya tarkibida O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti rektori Ilxomjon Tuxtasinov, Xalqaro reytinglar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i Bekzod Nishanaliyev, shuningdek, Pedagogika va psixologiya kafedrasi mudiri Dusmurod Djurayev ishtirok etdilar.
Tashrif doirasida Boku Slavyan universiteti rahbariyati bilan o‘tkazilgan uchrashuvda ta’lim jarayonini tashkil etish, ko‘p tilli ta’lim modeli, ilmiy-tadqiqot faoliyati hamda xalqaro hamkorlik yo‘nalishlari yuzasidan atroflicha fikr almashildi. Tomonlar oliy ta’lim sohasida tajriba almashish, akademik mobillikni rivojlantirish va istiqbolli qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratdilar.
Uchrashuv yakunida akademik mobillikni rivojlantirish, ilmiy-tadqiqot faoliyatida hamkorlikni kengaytirish, professor-o‘qituvchilar o‘rtasida malaka oshirish va tajriba almashish, ko‘p tilli ta’lim modelini rivojlantirish, shuningdek, o‘zbek tilini xorijiy oliy ta’lim muassasalarida o‘qitish va targ‘ib etish masalalarini qamrab olgan hamkorlik memorandumi imzolandi. Ushbu hujjat ikki universitet o‘rtasidagi aloqalarni tizimli va uzoq muddatli asosda rivojlantirishga xizmat qiladi.
Mazkur kelishuv doirasida erishilgan muhim natijalardan biri — O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining Rus tili filologiyasi fakulteti talabalari hamda Boku Slavyan universitetida rus tilini o‘rganayotgan talabalar o‘rtasida akademik almashinuvni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvga erishilgani bo‘ldi. Endilikda ikki oliy ta’lim muassasasi talabalari akademik almashinuv dasturlari orqali bilim va tajriba almashish, ilmiy salohiyatini oshirish hamda yangi ilmiy yo‘nalishlar bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

Mazkur tashrif natijasida erishilgan kelishuvlar O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti va Boku Slavyan universiteti o‘rtasida ta’lim va ilm-fan sohasida aniq yo‘nalishlarga ega, amaliy natijalarga qaratilgan hamda uzoq muddatli strategik hamkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun mustahkam asos yaratdi.