6-may kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti hamda O‘zbekiston Respublikasi Harbiy xavfsizlik va mudofaa universiteti o‘rtasida ta’lim, ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyat sohalarida o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan memorandum imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Mazkur tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Harbiy xavfsizlik va mudofaa universiteti boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari, general-mayor F. Shermatov, boshliq o‘rinbosari, polkovnik S. Abdurayimov hamda ilmiy va innovatsion g‘oyalarni tashkil etish bo‘limi boshlig‘i, podpolkovnik Sh. Tuxliyev ishtirok etdilar. O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti tomonidan esa rektor I. Tuxtasinov, o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor M. Chutpulatov, ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor O. Yusupov hamda Ispan tili amaliy fanlar kafedrasi mudiri D. Baxranova qatnashdilar.

Uchrashuv davomida tomonlar o‘zaro hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini atroflicha muhokama qildilar. Jumladan, ta’lim sohasida hamkorlikni kengaytirish, xorijiy tillarni o‘qitishda zamonaviy o‘quv-uslubiy materiallar va ilg‘or metodikalarni joriy etish, ilmiy-tadqiqot hamda innovatsion faoliyatni rivojlantirish, shuningdek, ma’naviy-ma’rifiy ishlarni tashkil etish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishga qaratilgan tadbirlar, tanlovlar va sport musobaqalarini hamkorlikda o‘tkazish masalalari muhokama qilindi.

Tashrif davomida delegatsiya a’zolari universitetda yaratilgan zamonaviy infratuzilma, ta’lim va ilmiy-tadqiqot jarayonlari uchun mavjud sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.

Tomonlar imzolangan memorandum ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlash, ilg‘or tajriba almashinuvi ko‘lamini kengaytirish, ta’lim sifatini yanada oshirish hamda raqobatbardosh kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirishga xizmat qilishini alohida ta’kidladilar.

FM Facebook Twitter Instagram Telegram YouTube YouTube