O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti Ozarbayjon Respublikasining Boku shahrida o‘tkazilayotgan 3-“Study in Uzbekistan” xalqaro ta’lim ko‘rgazmasida faol ishtirok etmoqda.
Nufuzli xalqaro forum doirasida tashkil etilgan mazkur ko‘rgazmada universitetning yuksak ilmiy salohiyati, xalqaro standartlarga mos zamonaviy ta’lim dasturlari, ilmiy-innovatsion faoliyati hamda xorijiy talabalar uchun yaratilgan keng imkoniyatlar xalqaro hamkorlar, abituriyentlar va mehmonlarga keng namoyish etilmoqda.
Mazkur xalqaro ko‘rgazmada O‘zDJTU Xalqaro hamkorlik bo‘limi yetakchi mutaxassisi Durdona Xodjabekova ham ishtirok etib, universitetning ta’lim imkoniyatlari, xalqaro loyihalari hamda xorijiy talabalar uchun yaratilgan sharoitlar yuzasidan targ‘ibot olib bordi.
Shuningdek, ko‘rgazma doirasida “Ingla International Education and Training” tashkiloti rahbari Ayten xonim bilan uchrashuv o‘tkazildi. Tomonlar Ozarbayjonlik talabalarni O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetiga jalb qilish bo‘yicha hamkorlik shartnomasini imzoladilar.
“Study in Uzbekistan” xalqaro ta’lim ko‘rgazmasi mamlakatimiz oliy ta’lim tizimining xalqaro maydondagi nufuzini yanada mustahkamlash, O‘zbekistonni mintaqadagi muhim ta’lim va ilm-fan markazi sifatida keng targ‘ib qilish, shuningdek, xorijiy yoshlarni mamlakatimizda tahsil olishga jalb etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.