O‘zbekiston va Ozarbayjon oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarildi

O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining Ozarbayjon Respublikasiga amalga oshirilgan rasmiy tashrifi doirasida Ozarbayjon tillar universiteti bilan hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirishga qaratilgan muhim kelishuvlarga erishildi. Mazkur tashrif ikki mamlakat oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi aloqalarni aniq amaliy mazmun bilan boyitish barobarida, o‘zbek tilini xalqaro akademik maydonda targ‘ib etishga qaratilgan izchil sa’y-harakatlarning mantiqiy davomi bo‘ldi.

 

 

Hamkorlikning muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida 2026-yil davomida Ozarbayjon tillar universitetining doktorantura bosqichida tahsil olayotgan kamida 5 nafar izlanuvchisi O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetiga kelib, akademik faoliyatini davom ettirishi rejalashtirilgani qayd etildi. Ushbu tashabbus ikki universitetning ilmiy maktablari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar ko‘lamini kengaytirish hamda ilmiy tajriba almashuvini jadallashtirishga xizmat qiladi.

Shuningdek, tashrif doirasida O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti rektori Ozarbayjon tillar universiteti jamoasi bilan uchrashib, o‘zbek tilini o‘rganayotgan talabalar bilan samimiy muloqot o‘tkazdi. Uchrashuv jarayonida ta’lim jarayonining tashkil etilishi, O‘zbek tili va adabiyati markazi faoliyati, shuningdek, talabalar uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishildi. O‘zbek tilining xalqaro akademik makondagi nufuzini oshirishga qaratilgan ishlar muhim ahamiyat kasb etishi alohida ta’kidlandi.

Bundan tashqari, delegatsiya Ozarbayjon tillar universitetining tashkil topish tarixi, bugungi rivojlanish bosqichi, erishilgan yutuqlari hamda talabalar uchun yaratilgan zamonaviy infratuzilmasi bilan tanishib, amalga oshirilayotgan islohotlarga yuqori baho berdi.

Tashrif doirasida universitetda bo‘lib turgan maktab o‘quvchilari bilan ham uchrashuv tashkil etildi. Yoshlar bilan o‘tgan samimiy suhbat davomida ularga O‘zbekistonda, xususan O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida ta’lim olish imkoniyatlari, mavjud sharoitlar va istiqbolli ta’lim yo‘nalishlari haqida batafsil ma’lumot berildi. O‘quvchilarning kelgusida O‘zbekistonda tahsil olishga bo‘lgan qiziqishi mamnuniyat bilan qayd etildi.

 

 

Mazkur kelishuvlar va o‘tkazilgan uchrashuvlar O‘zbekiston va Ozarbayjon oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni amaliy natijalarga yo‘naltirilgan yangi bosqichga olib chiqish, akademik almashinuvni kengaytirish hamda o‘zbek tilining xalqaro ilmiy-ta’lim makonidagi mavqeini yanada mustahkamlashga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

FM Facebook Twitter Instagram Telegram YouTube YouTube