O‘zDJTU Angren fakultetining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi

Bugun O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining Angren shahrida tashkil etilgan Angren fakultetining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Mazkur fakultet O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 11-oktabrdagi 667-son qarori asosida tashkil etilgan bo‘lib, hududlarda oliy ta’lim imkoniyatlarini kengaytirish hamda yoshlarning zamonaviy bilim olishi uchun yangi imkoniyatlar yaratishga qaratilgan.

 

 

Fakultet tashkil etilgan paytda 154 nafar talaba qabul qilingan bo‘lsa, bugungi kunda bu yerda 20 dan ortiq professor-o‘qituvchilar va xodimlar faoliyat olib bormoqda. Angren fakulteti uchun zamonaviy talablar asosida o‘quv infratuzilmasi yaratildi. Jumladan, 1500 nafar talabaga mo‘ljallangan o‘quv binosi hamda 600 o‘rinli talabalar turar joyi to‘liq ta’mirlanib, zamonaviy jihozlar bilan ta’minlandi.

Tantanali ochilish marosimini universitet rektori Ilxomjon Tuxtasinov ochib berdi. Rektor o‘z nutqida Angren fakultetining tashkil etilishi mamlakatimizda oliy ta’lim tizimini rivojlantirish, yoshlar uchun sifatli ta’lim imkoniyatlarini kengaytirish hamda hududlarda zamonaviy ta’lim maskanlarini barpo etish yo‘lida muhim qadam ekanini ta’kidladi. Shuningdek, yangi fakultet yoshlarning xorijiy tillarni chuqur o‘rganishi, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni egallashi hamda kelgusida raqobatbardosh mutaxassislar sifatida shakllanishida muhim o‘rin tutishini qayd etdi.

 

 

Tadbirda Angren shahar hokimi Alisher Abdumalikovich Rahimov, Angren shahar Xalq ta’limi bo‘limi mudiri A. G‘afurov, “Nuroniylar” jamg‘armasi rahbari E. Qoraboyev hamda boshqa mehmonlar ishtirok etdilar. So‘zga chiqqan mehmonlar yangi fakultet ochilishi bilan universitet jamoasini tabriklab, hudud yoshlari uchun zamonaviy ta’lim maskani tashkil etilgani muhim voqea ekanini ta’kidlashdi. Shuningdek, ular yoshlarning bilim olishi, xorijiy tillarni mukammal egallashi va kelajakda yetuk mutaxassis bo‘lib yetishishida ushbu fakultet muhim o‘rin tutishini qayd etdilar.

Marosim yakunida mehmonlar va tadbir ishtirokchilari fakultet binosi, o‘quv auditoriyalari hamda talabalar uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar. Yangi fakultet hudud yoshlarining zamonaviy bilim olishi va kelajakda raqobatbardosh mutaxassis bo‘lib yetishishida muhim ta’lim maskani bo‘lishi kutilmoqda.

FM Facebook Twitter Instagram Telegram YouTube YouTube