O‘zDJTU Karyera markazi va School 21 o‘rtasida hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi
O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida O‘quv ishlari bo‘yicha prorektor Muhammadjon Chutpulatov hamda School 21 Raqamli texnologiyalar maktabining Hamkorlar va amaliyotlar bo‘limi boshlig‘i Barno Isamiddinova Anvarovna ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Muloqot davomida talabalar va bitiruvchilarning zamonaviy kasbiy kompetensiyalarini rivojlantirish, ularni mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan yo‘nalishlarga tayyorlash, IT va raqamli texnologiyalar sohasidagi amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlash hamda ish beruvchilar bilan hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar B2B hamkorlik aloqalarini rivojlantirish, talabalar uchun amaliyot va stajirovka imkoniyatlarini kengaytirish, qo‘shma ta’lim loyihalarini amalga oshirish hamda zamonaviy ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish yuzasidan fikr almashdilar. Shuningdek, “7+1” loyihasi doirasida talabalarni amaliy faoliyatga keng jalb etish, nazariy bilimlarni ishlab chiqarish va ish jarayoni bilan uyg‘unlashtirish hamda mazkur loyihani School 21 bilan hamkorlikda amalga oshirish istiqbollari batafsil ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv yakunida talabalar va bitiruvchilar uchun qo‘shimcha ta’lim, amaliyot, stajirovka va kasbiy rivojlanish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari belgilandi. Mazkur hamkorlik yoshlarning zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni egallashi, ularning raqobatbardoshligini oshirish hamda mehnat bozoriga muvaffaqiyatli integratsiyalashuvini ta’minlashga xizmat qilishi kutilmoqda.
