O‘zDJTU rektori Koreya Respublikasining Milliy asos solingan kuni munosabati bilan o‘tkazilgan tantanali qabulda ishtirok etdi
29-sentabr kuni Toshkent shahridagi Koreya madaniyati va san’ati uyida Koreya Respublikasining Milliy asos solingan kuni — Kechxonjol munosabati bilan tantanali qabul bo‘lib o‘tdi.

Tadbir Koreya Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Won Doyeon va uning rafiqasi Suh Yeonah tashabbusi bilan tashkil etildi.
Tantanali qabulda O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti rektori Ilxomjon Tuxtasinov ishtirok etdi. Tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, diplomatik korpus a’zolari, ta’lim va madaniyat sohasi namoyandalari qatnashdi.
O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti Koreya Respublikasining ta’lim va ilmiy muassasalari bilan hamkorlik aloqalarini izchil rivojlantirib kelmoqda. Xususan, koreys tili va madaniyatini o‘rganish, talaba va professor-o‘qituvchilar almashinuvi, ta’lim hamda ilmiy yo‘nalishlarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha hamkorlik aloqalari kengayib bormoqda.
