O‘zDJTU talabalari – shahar stol tennisi musobaqasi g‘oliblari
“Ziyo forum” ilm-fan va ta’lim-tarbiyani rivojlantirish xalqaro fondi tashabbusi bilan 10–12-iyun kunlari Mirzo Ulug‘bek tumanidagi sport majmuasida sportning stol tennisi turi bo‘yicha Toshkent shahar turniri bo‘lib o‘tdi.
Ushbu musobaqalarda O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti talabalari ham munosib ishtirok etishdi. Dastlabki bahslarda muvaffaqiyatli qatnashgan O‘zDJTU jamoasi yarim final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
12-iyun kuni o‘tkazilgan hal qiluvchi bahslarda xalqaro jurnalistika fakulteti talabasi Qahramonxo‘jayeva Lolaxon musobaqaning mutlaq g‘olibasi bo‘ldi. Rus filologiyasi fakulteti talabasi Safarova Sabrina esa faxrli uchinchi o‘rinni egalladi.
G‘olib va sovrindorlarga tashkilotchilar tomonidan pul mukofoti, esdalik sovg‘alari hamda sertifikatlar topshirildi.
Talabalarimizning ushbu yutuqlarga erishishida Jismoniy madaniyat va sport kafedrasi katta o‘qituvchisi, tajribali murabbiy Shavkat Muxamedjanovning mehnatlari alohida e’tirofga loyiq.