O‘ZDJTU TALABALARI BERDAQ NOMIDAGI QORAQALPOQ DAVLAT UNIVERSITETIDA NAVRO‘Z TADBIRLARIDA
2–3-aprel kunlari “Talabalar bahori” umumrespublika festivali doirasida Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida milliy qadriyatlar, bahoriy an’analar va yoshlar faolligini targ‘ib etishga qaratilgan qator madaniy-ma’rifiy tadbirlar bo‘lib o‘tmoqda.

Mazkur tadbirlarda O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetidan tashrif buyurgan talabalar va rasmiy vakillar ham faol ishtirok etmoqda. O‘zDJTU talabalari faoliyatiga Ekologiya va yashil resurslar kafedrasi o‘qituvchisi Muxammadiyev Jasur rahbarlik qilmoqda. U boshchiligida talabalar Navro‘z bayrami munosabati bilan tashkil etilgan sumalak sayli, milliy urf-odat va qadriyatlarni aks ettiruvchi bayram dasturlari hamda bahoriy an’analarni tarannum etuvchi tadbirlarda munosib qatnashmoqda.
Tadbirlar davomida ishtirokchilar bahorning yangilanish va ezgulik timsoli bo‘lgan Navro‘z ayyomi ruhini chuqur his etib, do‘stlik, hamjihatlik va o‘zaro hurmat muhitida faol qatnashmoqda. O‘zDJTU vakillari va talabalari esa o‘z faolligi, tashabbuskorligi hamda madaniy yondashuvi bilan alohida e’tibor qozonmoqda.

Bunday uchrashuvlar oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, talaba-yoshlarning ma’naviy dunyoqarashini boyitish va milliy qadriyatlarga hurmatni chuqurlashtirishga xizmat qiluvchi muhim maydon sifatida ahamiyat kasb etmoqda.