O‘zDJTUda Karyera markazi faoliyati bo‘yicha targ‘ibot ishlari olib borildi
O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida yangi tashkil etilgan Karyera markazi faoliyatini keng targ‘ib qilish maqsadida barcha fakultetlarning 4-bosqich talabalari bilan uchrashuvlar tashkil etildi.

Tadbir davomida talabalarga Markazning asosiy vazifalari, mavjud imkoniyatlari hamda bitiruvchilar uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar haqida batafsil ma’lumot berildi. Shuningdek, ishga joylashish jarayonida ko‘maklashish, amaliyot bazalarini kengaytirish va ish beruvchilar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish mexanizmlari tushuntirildi.
Bitiruvchi yoshlarni mehnat bozoriga tayyorlash, ularning kasbiy ko‘nikmalarini rivojlantirish hamda munosib ish o‘rinlariga yo‘naltirish Markaz faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekani alohida ta’kidlandi.
Uchrashuvlar savol-javoblarga boy tarzda o‘tdi, talabalar o‘zlarini qiziqtirgan masalalar yuzasidan batafsil javoblar oldilar hamda Markaz bilan yaqin hamkorlik qilish istagini bildirdilar.