O‘zDJTUda sharq tillarini o‘qitishning zamonaviy yondashuvlariga bag‘ishlangan Respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi
12-may kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining 34 yilligiga bag‘ishlangan “Yangi avlod talabalariga sharq tillarini o‘qitishda zamonaviy yondashuvlar va innovatsion tendensiyalar” mavzusida Respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi tashkil etildi.
Mazkur anjuman xorijiy tillarni o‘qitish metodikasi, sun’iy intellekt texnologiyalarining ta’lim jarayoniga integratsiyasi, zamonaviy pedagogik yondashuvlar hamda lingvistik tadqiqotlarning dolzarb masalalariga bag‘ishlandi.
Konferensiyani universitet rektori Ilxomjon Tuxtasinov kirish so‘zi bilan ochib, bugungi globallashuv davrida innovatsion ta’lim texnologiyalarining ahamiyati, xorijiy tillarni o‘qitishda zamonaviy metodlarni qo‘llash va ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish masalalariga alohida to‘xtalib o‘tdi.

Konferensiya doirasida mahalliy va xorijiy olimlar hamda tadqiqotchilar tomonidan qator ilmiy ma’ruzalar taqdim etildi. Jumladan, Ma Lei “Oʻzbekistonda xitoy tili darslarida fonetika ta’limining qoʻllanish ahamiyati va zarurati tadqiqi”, Sultanova Lola Akmalovna “Xitoy tilini oʻqitish samaradorligini oshirishda sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish”, Choi Seong Hoon “Sun’iy intellekt yordamida koreys tilida soʻzlashuv ta’limini oʻrganish” mavzularida ma’ruzalar bilan ishtirok etdi.
Shuningdek, Na Jongip “Badiiy asarlarda vaqt oqimi masalasining tahlili”, Absalomov Mirolim Sharif o‘g‘li “Koreys va o‘zbek tillaridagi kishilik olmoshlarining lingvistik-tipologik qiyosiy tadqiqi”, Ibragimova Malika Musayevna esa “Video kontent orqali talabalarning gapirish va tinglash ko‘nikmalarini rivojlantirish” mavzularida o‘z ilmiy qarashlarini taqdim etdi.
Anjuman davomida zamonaviy ta’lim texnologiyalarini amaliyotga joriy etish, xorijiy tillarni innovatsion metodlar asosida o‘qitish hamda xalqaro ilmiy hamkorlikni kengaytirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Mazkur konferensiya ilmiy tajriba almashish, yangi tadqiqot yo‘nalishlarini muhokama qilish hamda yosh tadqiqotchilarni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiluvchi muhim ilmiy platformalardan biri sifatida e’tirof etildi.