O‘zDJTUda yosh olimlar va tadqiqotchilar bilan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi
O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida yosh olimlar va tadqiqotchilarni qo‘llab-quvvatlash, ularning ilmiy salohiyatini rivojlantirish hamda ilmiy faoliyat samaradorligini oshirish maqsadida universitet rahbariyati ishtirokida ochiq muloqot tashkil etildi.
Tadbirni universitetning Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori O. Yusupov ochib berib, mamlakatimizda ilm-fan va innovatsiyalar sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, doktorantura tizimida yaratilayotgan yangi imkoniyatlar hamda yosh tadqiqotchilar oldida turgan dolzarb vazifalar haqida so‘z yuritdi.

Shuningdek, ilmiy tadqiqotlarning sifati va natijadorligini oshirish, xalqaro ilmiy hamkorlikni kengaytirish hamda ilmiy faoliyatda zamonaviy yondashuvlarni joriy etish muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
Uchrashuvda universitetning Xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektori A. Nasirov ham so‘zga chiqib, yosh olimlar va tadqiqotchilarning xalqaro ilmiy maydondagi faolligini oshirish, xorijiy oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan hamkorlikni rivojlantirish, xalqaro grantlar, akademik almashinuv dasturlari hamda xorijiy stajirovkalarda ishtirok etish imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumot berdi. U yosh tadqiqotchilarni nufuzli xalqaro jurnallarda maqolalar chop etishga, xorijiy hamkorlar bilan qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirishga va ilmiy izlanishlarda faol bo‘lishga chorladi.
Ochiq muloqotda:
- tayanch doktorantlar;
- doktorantlar;
- mustaqil izlanuvchilar;
- stajyor-tadqiqotchilar;
- yosh professor-o‘qituvchilar ishtirok etdilar.
Muloqot davomida quyidagi masalalar atroflicha muhokama qilindi:
-PF–98-son Farmonining mazmun-mohiyati hamda doktorantura tizimidagi yangi islohotlar;
-dissertatsiya mavzulari va ilmiy yangiliklarni to‘g‘ri tanlash, ilmiy tadqiqotlar sifatini oshirish;
-akademik halollik tamoyillariga rioya etish va plagiatning oldini olish;
-Scopus va boshqa xalqaro ilmiy ma’lumotlar bazalarida indekslanuvchi nufuzli jurnallarda maqolalar chop etish;
-sun’iy intellekt texnologiyalaridan ilmiy faoliyatda samarali foydalanish;
-elektron kutubxona, xalqaro ma’lumotlar bazalari hamda axborot-resurs markazlari imkoniyatlaridan unumli foydalanish;
-grant loyihalari, ilmiy seminarlar, konferensiyalar va Prezident davlat stipendiyasi tanlovlarida faol ishtirok etish;
-xalqaro ilmiy hamkorlik va xorijiy stajirovkalarni kengaytirish.

Uchrashuv davomida yosh tadqiqotchilar tomonidan xalqaro grantlar, xorijiy hammualliflar bilan ilmiy hamkorlikni rivojlantirish, zamonaviy metodologiyalarni ilmiy izlanishlarga keng joriy etish hamda ilmiy tadqiqotlar natijadorligini oshirishga qaratilgan qator taklif va tashabbuslar ilgari surildi.
Tadbir savol-javoblar, ochiq muloqot va fikr almashish ruhida o‘tdi. Yosh olimlar o‘zlarini qiziqtirgan masalalar yuzasidan universitet rahbariyatiga murojaat qilib, amaliy tavsiyalar va zarur yo‘riqnomalar oldilar.
Mazkur ochiq muloqot yosh olimlarning ilmiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, ularning xalqaro ilmiy maydondagi faolligini oshirish hamda O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining ilmiy salohiyatini yanada yuksaltirish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi.