QS World University Rankings by Subject 2026: yangi bosqich sari muhim natijalar
O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti QS World University Rankings by Subject 2026 xalqaro reytingida muhim yutuqlarga erishdi va o‘z tarixida yangi bosqichni boshlab berdi.
Universitet Linguistics yo‘nalishi bo‘yicha o‘tgan yilga nisbatan 50 pog‘onaga yuqorilab, dunyoning yetakchi oliy ta’lim muassasalari orasida 201-o‘rinni egalladi. Ushbu natija tilshunoslik sohasidagi ilmiy salohiyat, akademik nufuz hamda ta’lim sifati izchil rivojlanib borayotganini tasdiqlaydi.
Shuningdek, universitet ilk bor Modern Languages yo‘nalishi bo‘yicha ham reytingdan o‘rin olib, 301-o‘rinni qayd etdi. Bu ko‘rsatkich xorijiy tillar ta’limi va ilmiy tadqiqotlar yo‘nalishida xalqaro miqyosda e’tirof ortib borayotganidan dalolat beradi.
E’tiborlisi, universitet o‘z tarixida birinchi marta bir vaqtning o‘zida ikki yo‘nalish bo‘yicha QS fan reytingidan joy oldi. Mazkur natija uning global ta’lim makonidagi o‘rni tobora mustahkamlanayotganini ko‘rsatadi.
Alohida ta’kidlash joizki, Linguistics yo‘nalishi bo‘yicha universitet O‘zbekistondagi eng yuqori natijani qayd etgan oliy ta’lim muassasasi sifatida e’tirof etildi.
Ushbu natijalar ortida universitet jamoasining izchil mehnati, ilmiy izlanishlari va xalqaro hamkorlikdagi faol sa’y-harakatlari mujassam.