“TalabaExpo — 2026” – talaba va bitiruvchilarning bandligini taʼminlashga xizmat qiluvchi yirik maydon
Talaba va bitiruvchilarning bandligini taʼminlash, ularni mehnat bozoridagi mavjud imkoniyatlar bilan yaqindan tanishtirish hamda oliy taʼlim muassasalari va ish beruvchilar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash maqsadida tashkil etilgan “TalabaExpo — 2026” ko‘rgazmasida O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti delegatsiyasi faol ishtirok etdi.

Tadbirda universitet rektori Ilhomjon To‘xtasinov, universitet talabalari va bitiruvchilari ishtirok etib, mamlakatning turli tarmoqlarida faoliyat yuritayotgan ish beruvchi tashkilotlar tomonidan taqdim etilgan bo‘sh ish o‘rinlari, amaliyot dasturlari hamda hamkorlik imkoniyatlari bilan tanishdilar.
Ko‘rgazma davomida rektor Ilhomjon To‘xtasinov ish beruvchi tashkilotlar vakillari bilan muloqot o‘tkazib, bitiruvchilar bandligini taʼminlash, amaliyot bazalarini kengaytirish hamda taʼlim va ishlab chiqarish integratsiyasini rivojlantirish masalalari yuzasidan fikr almashdi.

“TalabaExpo — 2026” ko‘rgazmasida 700 dan ortiq ish beruvchi tashkilot ishtirok etib, 10 mingga yaqin bo‘sh ish o‘rni va amaliyot dasturlari taqdim etildi. Mazkur tadbir yoshlarning kasbiy rivojlanishi, munosib ish topishi hamda mehnat bozoriga muvaffaqiyatli integratsiyalashuvini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan muhim platforma bo‘ldi.