Turli tillar va madaniyatlarga bag‘ishlangan to‘garak mashg‘ulotlari o‘tkazildi
2026-yil 18-mart kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti Ingliz tili 3-fakulteti Ikkinchi chet tili kafedrasi tomonidan turli tillar va xalqlar madaniyatiga bag‘ishlangan navbatdagi to‘garak mashg‘ulotlari tashkil etildi.
Jumladan, golland tili katta o‘qituvchisi Rahmonkulova Xabiba rahbarligida Ingliz tili 3-fakultet 2418-guruhi talabalari ishtirokida “Nederlandse keuken” (Niderlandiya oshxonasi) mavzusida mashg‘ulot o‘tkazildi. Unda Gollandiya milliy taomlari, xususan, mashhur “Gouda” va “Edam” pishloqlari hamda “patat” kabi taomlar haqida ma’lumot berildi. Talabalar golland va o‘zbek milliy oshxonalari o‘rtasidagi o‘xshashlik va farqlar yuzasidan fikr almashdilar.
Shuningdek, grek tili katta o‘qituvchisi Musayeva Surayyo rahbarligida Ingliz tili 1-fakultet 2307-guruhi talabalari bilan “Ελληνική κουζίνα” (Gretsiya oshxonasi) mavzusida to‘garak mashg‘uloti tashkil etildi. Mashg‘ulot davomida Gretsiya oshxonasining sog‘lom va muvozanatli ovqatlanishga asoslanganligi, uning “Mediterranean diet” tamoyillariga mos kelishi haqida so‘z yuritildi. Talabalar faol qatnashib, savol-javoblar va interaktiv topshiriqlar orqali o‘z bilimlarini mustahkamlashdi.
Bundan tashqari, kafedra o‘qituvchisi Maxamadxodjayeva Umida tomonidan Hind tili markazida hindiy tili to‘garagining navbatdagi mashg‘uloti o‘tkazildi. Mashg‘ulot “Hindistonning tarixiy obidalari” mavzusiga bag‘ishlanib, unda Toj Mahal, Qizil qal’a, Akbarshoh maqbarasi, Qutub minor kabi mashhur yodgorliklar haqida nazariy va amaliy ma’lumotlar berildi. Talabalar o‘zlari tayyorlagan taqdimotlar bilan chiqish qildilar hamda mavzuga oid qiziqarli o‘yinlar tashkil etildi.
Mazkur mashg‘ulotlar zamonaviy pedagogik yondashuvlar asosida tashkil etilib, talabalar bilimini mustahkamlash bilan birga ularning dunyo xalqlari madaniyati va an’analariga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirdi.