Umummilliy so‘rovnoma: ta’lim sifati va akademik muhitni yaxshilash yo‘lidagi muhim qadam
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi tomonidan respublika miqyosida o‘tkazilgan umummilliy so‘rovnoma doirasida O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida ham so‘rovnoma tashkil etildi.

Mazkur so‘rovnoma O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 5-maydagi “Ta’lim sifatini ta’minlash va ta’lim xizmatlari ko‘rsatish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-76-sonli Farmoni ijrosini ta’minlash, shuningdek, oliy ta’lim tizimida sifat ko‘rsatkichlarini real holat asosida baholashga qaratildi.
So‘rovnoma universitet talabalari hamda professor-o‘qituvchilari ishtirokida o‘tkazilib, unda o‘quv rejalari va ta’lim dasturlarining zamon talablariga mosligi, ilmiy-pedagogik faoliyat uchun yaratilgan sharoitlar, malaka oshirish tizimi hamda ta’lim sifatini oshirishga doir takliflar bildirildi.

So‘rovnoma ochiqlik va shaffoflik tamoyillari asosida, ishtirokchilarning fikrlari erkin va anonim tarzda bildirildi. Mazkur jarayon universitetda ta’lim sifati va akademik muhitni yanada takomillashtirishga xizmat qiluvchi muhim amaliy mexanizm sifatida baholandi.