Universitet va maktab hamkorligi: yangi istiqbollar sari
Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti oʻquv ishlari boʻyicha prorektori M. Chutpulatov boshchiligidagi masʼul xodimlar Chilonzor tumanidagi 280-sonli hamda Uchtepa tumanidagi 81-sonli umumtaʼlim maktablariga tashrif buyurdi.

Tashrif davomida kelgusi oʻquv yilidan boshlab maktablar bazasida universitet kafedralari filiallarini tashkil etish masalalari muhokama qilindi. Tomonlar filiallarning asosiy maqsad va vazifalari, taʼlim jarayoniga qoʻshadigan hissasi hamda kutilayotgan natijalar yuzasidan fikr almashdilar.
Shuningdek, joriy oʻquv yilida amalga oshirilgan hamkorlik ishlari tahlil qilinib, ularning amaliy samaralari, maktab taʼlimi sifatini oshirishdagi oʻrni hamda istiqboldagi rivojlanish yoʻnalishlari muhokama etildi. Tashrif chogʻida maktablarning mavjud shart-sharoitlari, moddiy-texnik bazasi va taʼlim infratuzilmasi ham oʻrganildi.
Uchrashuv yakunida hamkorlikni yanada kengaytirish, taʼlim sifatini oshirish, oʻquvchilar uchun zamonaviy ilmiy-amaliy muhit yaratish hamda uzluksiz taʼlim tizimini rivojlantirish yuzasidan kelgusidagi vazifalar belgilab olindi.

Mazkur tashabbus universitet va maktablar oʻrtasidagi integratsiyani mustahkamlash, pedagogik tajriba almashuvini rivojlantirish hamda yosh avlodning sifatli taʼlim olishi uchun yangi imkoniyatlarni kengaytirishga qaratilgan.