Xorijiy tillar ta’limi sifatini oshirish yo‘lida hamkorlik
Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti Xalqaro jurnalistika fakulteti Medialingvistika va kommunikatsiya kafedrasi professor-oʻqituvchilari Uchtepa tumanida joylashgan 203-umumtaʼlim maktabiga tashrif buyurdi.
Tashrif davomida maktabning ingliz tili oʻqituvchilari bilan xorijiy tillarni oʻqitish sifatini oshirish, oʻquv-metodik hamkorlikni kuchaytirish hamda kelgusida hamkorlikda ilmiy seminar va anjumanlar tashkil etish masalalariga bagʻishlangan davra suhbati oʻtkazildi.
Shuningdek, oʻqituvchilarning ilmiy salohiyatini oshirish maqsadida ilmiy maqola yozish, ularni rasmiylashtirish talablari, kafedrada tashkil etiladigan ilmiy seminar va konferensiyalarga jalb etish hamda undagi faol ishtirokini taʼminlash boʻyicha oʻzaro kelishuvga erishildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar umumta’lim maktablari va oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi bunday tizimli hamkorlik xorijiy tillar ta’limining amaliy samaradorligini oshirishga xizmat qilishini alohida ta’kidladilar.