Xorijiy tillarni rivojlantirish va o‘qitish markazlari faoliyati samarali tashkil etilmoqda

2025-yil 26-noyabr kuni Toshkent shahar Shayxontohur tumani 299-sonli umumta’lim maktabida O‘zDJTU Ingliz tili ikkinchi fakulteti, Ingliz tilini o‘qitish metodikasi kafedrasi professor-o‘qituvchisi N. Egamberdiyeva, o‘qituvchi F. Ashurova hamda XT2-2214 guruhi talabasi Yusupova Sevinch Bahromovna ishtirokida navbatdagi qiziqarli ingliz tili to‘garagi tashkil etildi.

Mazkur mashg‘ulot “Speaking skills: Enhancing students’ speaking skills through discussion and communication. Learning linking words” mavzusida bo‘lib o‘tdi. Dars 10-sinflardan shakllantirilgan variativ guruhda sinov tarzida olib borildi. Variativ guruhlarni tashkil etishdan asosiy maqsad — o‘quvchilarning ingliz tili fanining to‘rt asosiy ko‘nikmasi (Reading, Writing, Listening, Speaking) bo‘yicha bilim va malakalarini mustahkamlash, shuningdek, o‘quv yili yakuniga qadar B2 darajadagi til sertifikatini olishlariga ko‘maklashishdan iborat.

Mashg‘ulot davomida o‘quvchilarga “and”, “but”, “however”, “in addition”, “therefore”, “as a result” kabi keng qo‘llaniladigan linking wordslarning ma’nosi, ularning gaplar o‘rtasida mazmuniy bog‘liqlik yaratishdagi o‘rni hamda nutqni ravon va mantiqiy ifodalashdagi ahamiyati batafsil tushuntirildi. Shundan so‘ng kichik guruhlar bilan munozara (discussion), juftlikda suhbat (pair-work), rol o‘ynash (role-play) va qisqa matnlarni muloqot orqali tahlil qilish kabi mashqlar bajarildi. Ushbu jarayon orqali o‘quvchilarda linking wordslardan to‘g‘ri va o‘rinli foydalanish ko‘nikmalari shakllantirildi.

Dars yakunida o‘quvchilar berilgan mavzular asosida vaziyatli topshiriqlarni bajarib, o‘z fikrini erkin va mantiqiy tarzda bayon qildilar. Suhbat davomida yangi bog‘lovchi so‘zlardan faol foydalanish natijasida ularning nutq ravonligi yanada yaxshilandi. Mashg‘ulot jarayonidagi muloqot, fikr almashish va munozaralar esa o‘quvchilarning kommunikativ salohiyatini mustahkamladi.

Ushbu to‘garak o‘quvchilarda ingliz tilida erkin suhbatlashish ko‘nikmasini rivojlantirish, fikrni aniq va mantiqiy ifodalash kompetensiyasini shakllantirishga xizmat qildi hamda ingliz tilini o‘rganishga bo‘lgan qiziqishlarini yanada oshirdi.

FM Facebook Twitter Instagram Telegram YouTube YouTube