5-mart kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida “Yoshlar kuni” doirasida “Rektor va yoshlar” uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Universitetning bosh bino Faollar zalida yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning fikr va tashabbuslarini tinglash maqsadida navbatdagi “Rektor va yoshlar” uchrashuvi tashkil etildi. Mazkur uchrashuv Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan har haftaning payshanba kuni “Yoshlar kuni” sifatida o‘tkazilishi belgilanganligi munosabati bilan tashkil etildi.
Uchrashuvni Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor — Valijon Sadiyev olib bordi.
Tadbir davomida universitet rektori — Ilxomjon Tuxtasinov talaba-yoshlar bilan ochiq va samimiy muloqot olib bordi. Uchrashuvda talabalar universitetda ta’lim sifati, ilmiy faoliyat, yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar, shuningdek, talabalarning ijtimoiy faolligini oshirishga qaratilgan masalalar yuzasidan o‘z fikr va takliflarini bildirdilar.
Rektor talaba-yoshlarning murojaatlari, taklif va muammolarini diqqat bilan tinglab, ularni hal etish bo‘yicha tegishli mas’ullarga zarur ko‘rsatmalar berdi. Shuningdek, u yoshlarning tashabbuskorligi, ijodkorligi va universitet hayotida faol ishtirok etishi muhim ahamiyatga ega ekanligini alohida ta’kidladi.
Uchrashuv davomida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob olish, yangi g‘oya va tashabbuslarini bildirish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Samimiy ruhda o‘tgan muloqot yoshlar bilan ochiq va samarali muloqotni yanada mustahkamladi.
Mazkur tadbirda 400 nafardan ziyod professor-o‘qituvchilar, tyutorlar hamda faol talabalar ishtirok etdi. Uchrashuv davomida yoshlarning fikr va tashabbuslari tinglanib, muammo va takliflar yuzasidan ochiq muloqot olib borildi.