A. Navoiy va Z.M. Bobur tavalludiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi

10-fevral kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida buyuk allomalar Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludiga bag‘ishlangan tadbir tashkil etildi. Tadbirni universitet rektori Ilxomjon Tuxtasinov ochib, ikki buyuk ijodkorning hayoti, ilmiy faoliyati va ijodi haqida so‘zlab berdi.

Tadbir davomida ishtirokchilar Navoiy va Bobur ijodiga bag‘ishlangan videoroliklarga, g‘azal va monolog ijrolariga, milliy raqs va qo‘shiqlarga guvoh bo‘ldilar. Mehmonlar orasida Uzoq Xaydarovich Jo‘raqulov ham ishtirok etib, ilm va amaliyot, matonat va jasorat mavzusida so‘zladi, mehmonlar va professor-o‘qituvchilar esa ijod va ma’naviyatga bag‘ishlangan chiqishlar bilan tadbirga rang-baranglik qo‘shdi.

Shuningdek, Z.M. Bobur ijodini yoritgan chiqish O‘zbekiston davlat milliy teatr aktyori M. Abduqunduzov tomonidan namoyish etildi. Tadbir davomida VIA “Major” guruhi va universitet tyutorlari Anora va Bekzod tomonidan qo‘shiqlar ijro etildi, Ingliz tili 3-fakulteti talabalari esa Navoiy g‘azallari va monologlari hamda milliy raqs bilan ishtirok etdi.

Tadbir yuksak badiiy muhitda, boy madaniy va ma’rifiy mazmun bilan o‘tdi. Talabalar va professor-o‘qituvchilar buyuk ijodkorlarning merosi bilan yaqindan tanishib, milliy adabiyot va san’atga bo‘lgan qiziqishlarini yanada mustahkamlashdi.

FM Facebook Twitter Instagram Telegram YouTube YouTube