Britaniya Kengashi vakillarining O‘zDJTUga tashrifi bo‘lib o‘tdi

28-aprel kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida Britaniya Kengashining Wider Europe mintaqasi bo‘yicha direktori Adrian Chadvik boshchiligidagi delegatsiya ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Delegatsiya tarkibida O‘zbekistondagi Britaniya Kengashi direktori Maykl Xoulgeyt, direktor o‘rinbosari Jamilya Gulmova, loyiha menejeri Sadoqat Xo‘jayeva, AELLCA loyihasi koordinatori Nigora Karimova hamda ingliz tili loyihalari koordinatori Mashxura Tursunova qatnashdi.

 

 

Uchrashuvda universitet tomonidan rektor I. Tuxtasinov, ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor O. Yusupov, xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i X. Yo‘ldashev, 3-ingliz tili fakulteti dekani I. Xaydarov hamda 2-ingliz tili fakulteti dekani Z. Bazarov ishtirok etdi.

Tadbir davomida universitet faoliyatiga oid taqdimot o‘tkazilib, rektor I. Tuxtasinov tomonidan oliygohning asosiy yutuqlari, xalqaro aloqalari va zamonaviy ta’lim jarayonlari haqida atroflicha ma’lumot berildi.

 

 

Muloqot jarayonida ingliz tili o‘qituvchilarining malakasini oshirishga qaratilgan tashabbuslar, xususan, Markaziy Osiyoda ingliz tilini rivojlantirishga yo‘naltirilgan AELLCA loyihasi, Britaniya universitetlari bilan inklyuziv ta’lim yo‘nalishida hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, til sohiblarini ta’lim jarayoniga jalb etish masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunida tomonlar o‘rtasida istiqbolli loyihalarni amalga oshirish va hamkorlikni yanada mustahkamlash yuzasidan kelishuvga erishildi.

FM Facebook Twitter Instagram Telegram YouTube YouTube