22-fevral kuni talabalarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish hamda “Besh tashabbus” doirasida teatr va san’atga bo‘lgan qiziqishlarini oshirish maqsadida O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti Lingvistika va ingliz adabiyoti kafedrasi katta o‘qituvchisi N. Sadullayeva boshchiligida ingliz filologiyasi va magistratura bosqichi iqtidorli talabalari Shams-i-qamar teatriga tashrif buyurishdi.

Tashrif davomida talabalar teatr jamoasining ijodiy faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Spektakl oldidan teatr badiiy rahbari Qamariddin Ortiqov, rejissyor Jamshid Valiyev hamda aktyorlar Muxtor Asrorov va Shahboz Fayzullayev ishtirokida davra suhbati tashkil etildi. Suhbat jarayonida talabalar teatr san’ati, sahna madaniyati va ijro mahorati bo‘yicha qimmatli tavsiyalar oldilar.
Shundan so‘ng Nodar Dumbadzening “It” hamda Jontemir Jondorning “Igna” asarlari asosida sahnalashtirilgan “Vasiyatnoma” monospektakli namoyish etildi. Spektakl talabalarda katta taassurot qoldirdi va namoyishdan so‘ng ular asar mazmuni hamda sahnaviy talqin yuzasidan fikr almashdilar.
Mazkur tashrif talabalar uchun nafaqat madaniy hordiq, balki nazariy bilimlarini amaliy san’at bilan uyg‘unlashtirish imkonini bergan mahorat darsi bo‘ldi.