MA’RIFATLI AVLOD — BARQAROR KELAJAK POYDEVORI
Bugun O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida belgilangan ustuvor vazifalar hamda “Maromiylik” loyihasi doirasida ilm-ma’rifat, ma’naviy yuksalish va yoshlar tarbiyasiga bag‘ishlangan ma’rifiy uchrashuv tashkil etildi. Tadbir professor-o‘qituvchilar, talaba-yoshlar hamda keng jamoatchilik vakillarini yagona maqsad — ma’naviy barkamollikni mustahkamlash, milliy qadriyatlarni asrab-avaylash va zamonaviy bilimlar bilan uyg‘un taraqqiyot yo‘lida birlashtirdi.
Uchrashuvda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, Toshkent shahar Kengashi deputati, “Do‘stlik” ordeni sohibasi, taniqli shoira Zulfiya Mo‘minova hamda o‘zbek ilm-fanini xalqaro maydonda munosib namoyon etib kelayotgan olima, professor, filologiya fanlari doktori Dilrabo Baxronova ishtirok etib, ilm-ma’rifatning jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni, milliy madaniyat va tilning ma’naviy yuksalishdagi ahamiyati, yoshlarning intellektual salohiyatini rivojlantirish masalalari yuzasidan atroflicha fikr-mulohazalar bildirdilar.
Tadbir davomida Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan “Ilm — taraqqiyot poydevori, ma’rifat — kelajak kafolati” g‘oyasi mazmunan sharhlanib, yosh avlodni vatanparvarlik, fuqarolik mas’uliyati va ma’naviy poklik ruhida tarbiyalash bugungi kunning dolzarb vazifasi ekani alohida ta’kidlandi. Zulfiya Mo‘minova o‘z chiqishida adabiyot va san’at inson qalbini poklaydigan, jamiyatni birlashtiradigan kuch ekanini, yoshlar uchun yaratilayotgan ta’lim va kasb-hunar imkoniyatlari tobora kengayib borayotganini qayd etdi. Dilrabo Baxronova esa til va tafakkur uyg‘unligi, milliy o‘zlikni anglash hamda global maydonda samarali madaniy muloqotni rivojlantirishda ilm-ma’rifat va xorijiy tillarning o‘rni haqida chuqur tahliliy mulohazalar bildirdi.
Uchrashuv savol-javob va ochiq muloqotlar ruhida o‘tib, talaba-yoshlarning faol ishtiroki bilan yanada mazmunli tus oldi. Tadbir yakunida ilm va ma’rifatni hayotiy qadriyat darajasiga ko‘tarish, milliy va umuminsoniy tamoyillar uyg‘unligida yetuk avlodni tarbiyalash borasidagi qat’iy intilish yana bir bor namoyon bo‘ldi.