O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida tashkil etilgan Ona va bola xonasida 4+2 dasturi asosida olib borilayotgan malakaviy va pedagogik amaliyot jarayonlariga jalb qilingan 2- va 3-bosqich talabalari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Mazkur uchrashuv o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor M. Chutpulatov boshchiligida tashkil etildi
Uchrashuvda universitetning xotin-qizlar masalalari bo‘yicha rektor maslahatchisi F. Ashurova, universitet psixologi Z. Xayrullayeva, malakaviy va pedagogik amaliyot rahbarlari hamda talabalar ishtirok etdi.

Uchrashuv davomida universitetda faoliyat yuritayotgan ona va bola xonasi imkoniyatlari, ushbu maskanda farzandli talabalar uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar alohida e’tirof etildi. Xususan, farzandli talabalarni bola parvarishi bilan bir qatorda ta’lim jarayonidan uzilmagan holda o‘qishini davom ettirishi va sifatli bilim olishi uchun zarur amaliy ko‘mak ko‘rsatish muhimligi ta’kidlandi.
Shuningdek, amaldagi o‘quv rejasiga muvofiq xorijiy til va adabiyoti ta’lim yo‘nalishida malakaviy va pedagogik amaliyotlar 4+2 o‘quv grafik asosida tashkil etilayotgani tushuntirildi. Mazkur grafik asosida ona va bola xonasiga biriktirilgan talabalar haftaning 4 kunida o‘quv mashg‘ulotlarida, 2 kunida esa pedagogik amaliyot jarayonlarida ishtirok etishi belgilab berildi.

Ta’kidlanganidek, ushbu tizim talabalarda bolalar bilan ishlash ko‘nikmalarini shakllantirish, pedagogik va psixologik bilimlarini amaliyotda qo‘llash, real vaziyatlar asosida kasbiy kompetensiyalarini mustahkamlashga xizmat qilishi lozim.
Uchrashuv yakunida talabalar tomonidan bildirilgan savollarga mas’ullar tomonidan atroflicha javob berilib, amaliyot jarayoniga oid muhim jihatlar yuzasidan aniq tushuntirishlar berildi.