O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi
Universitet bosh binosidagi Faollar zalida “Muqaddas ayol” nomli bayramona konsert dasturi tashkil etildi. Tadbirda universitet professor-o‘qituvchilari, xotin-qizlar hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Bayram tadbirini universitet rektori, professor Ilxomjon Tuxtasinov ochib berib, barcha ayol professor-o‘qituvchilar va xodimlarni 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni bilan samimiy tabrikladi. O‘z tabrik so‘zida u xotin-qizlarning ta’lim-tarbiya, ilm-fan va jamiyat taraqqiyotidagi beqiyos o‘rni, ularning fidokorona mehnati hamda universitet hayotidagi faol ishtirokini alohida e’tirof etdi.

Tadbir davomida universitetda uzoq yillar samarali faoliyat yuritib kelayotgan faxriy ustozlar hamda fidoiy xodimlar bayram munosabati bilan e’tirof etilib, ularga esdalik sovg‘alari ulashildi.
Bayramona kecha mehmon san’atkorlar ishtirokidagi konsert dasturi bilan davom etdi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist Ravshan Komilov, mashhur estrada xonandasi Xamdam Sobirov hamda san’atkor Umar Shamsiyev tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar tadbirga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.

Shuningdek, universitet talabalari tomonidan tayyorlangan sahna ko‘rinishlari, raqs va musiqiy chiqishlar ham tomoshabinlar tomonidan iliq kutib olindi. Bayram yakunida xotin-qizlarga ehtirom va hurmat ifodasi sifatida sovg‘alar ulashilib, barchaga ko‘tarinki kayfiyat ulashildi.