2026-yil 6–8-fevral kunlari AQShning nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biri — Harvard Universityda QS World University Rankings reytingida 5-o‘rinni egallagan universitet talabalari tomonidan tashkil etilgan “HPAIR Harvard College Conference” xalqaro konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Mazkur yirik anjumanda O‘zbekiston nomidan Ilmiy tadqiqotlar, innovatsiyalar va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash bo‘limi boshlig‘i Muradkasimova Kamola Shuxratovna hamda Ingliz tili 1-fakulteti Ingliz tili nazariy aspektlari №1 kafedrasi katta o‘qituvchisi Boltayeva Dilfuzaxon Shuxrat qizi ishtirok etdilar.

Konferensiya doirasida ta’lim, innovatsiya, ilm-fan, global hamkorlik va yoshlar yetakchiligi kabi dolzarb mavzularda muhokamalar olib borildi. Turli davlatlardan tashrif buyurgan olimlar, tadqiqotchilar va talabalar bilan o‘zaro fikr almashish, xalqaro tajribalarni o‘rganish hamda ilmiy aloqalarni mustahkamlash uchun keng imkoniyat yaratildi.

6-fevral kuni tashkil etilgan “International Night” madaniy kechasida O‘zbekiston delegatsiyasi milliy qadriyatlarimizni munosib namoyish etdi. Tadbir davomida milliy raqsimiz ijro etilib, ishtirokchilarda katta qiziqish va iliq taassurot uyg‘otdi. Ushbu chiqish mamlakatimizning boy madaniy merosi va san’atini xalqaro auditoriyaga yorqin tarzda taqdim etdi.

Konferensiya davomida dunyoning turli davlatlarida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar bilan samarali networking uchrashuvlari ham tashkil etildi. Bu muloqotlar xorijda ta’lim olayotgan yoshlarimiz bilan tajriba almashish, kelgusidagi ilmiy va akademik hamkorlik yo‘nalishlarini aniqlashtirish imkonini berdi.

7-fevral kuni esa Harvard Universityda tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar bilan alohida uchrashuv o‘tkazildi. Samimiy ruhda kechgan suhbat davomida ularning o‘qish jarayoni, ilmiy izlanishlari, erishayotgan yutuqlari hamda O‘zbekiston ta’lim tizimi bilan hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.

Mazkur xalqaro konferensiyadagi ishtirok O‘zbekiston oliy ta’lim vakillarining global ilmiy maydondagi faolligini namoyon etdi hamda yangi akademik aloqalar uchun mustahkam zamin yaratdi.

FM Facebook Twitter Instagram Telegram YouTube YouTube