O‘zDJTU o‘qituvchisi Slovakiyada ilmiy-tadqiqot faoliyatini boshladi

O‘zDJTU o‘qituvchisi Slovakiyada ilmiy-tadqiqot faoliyatini boshladi

O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti Ingliz tili 3-fakulteti Ingliz tili nazariy aspektlari №3 kafedrasi o‘qituvchisi Kuandikova Asem Bekseitovna Slovakiya Hukumatining “National Scholarship Programme of the Slovak Republic” (NSP) grant almashinuv dasturining C kategoriyasi — universitet o‘qituvchilari va tadqiqotchilar yo‘nalishi bo‘yicha Slovakiyaning Pavol Jozef Šafárik universitetida (UPJŠ) ilmiy-tadqiqot faoliyatini boshladi.

2026-yil sentabr oyining boshidan boshlangan stajirovka doirasida Asem Kuandikova “Exploring the Influence of Reflective Practices and Contextual Factors on ESP (English for Specific Purposes) Teachers’ Materials Selection and Evaluation” mavzusida ilmiy tadqiqot va amaliy faoliyat olib bormoqda. Tadqiqot doirasida ESP o‘qituvchilarining o‘quv materiallarini tanlash va baholash jarayoniga reflektiv amaliyotlar hamda kontekstual omillarning ta’siri o‘rganilmoqda.

2026-yil 21-sentabr kuni Asem Kuandikova Pavol Jozef Šafárik universitetining Faculty of Arts, British and American kafedrasi vakillari bilan uchrashdi. Unda tadqiqotchining akademik mas’uli, dotsent Renáta Timková, universitetning xalqaro aloqalar bo‘yicha prorektori hamda Britaniya va Amerika tadqiqotlari departamenti rahbari professor Slávka Tomaščíková ishtirok etdi.

Uchrashuv davomida tadqiqot mavzusi, ilmiy-tadqiqot va amaliy faoliyatning asosiy yo‘nalishlari, tadqiqotni amalga oshirish bosqichlari hamda universitetdagi keyingi akademik faoliyat rejasi muhokama qilindi.

Mazkur ilmiy stajirovka O‘zDJTU professor-o‘qituvchilarining xalqaro akademik tajribasini kengaytirish, xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan ilmiy aloqalarni rivojlantirish hamda zamonaviy tadqiqot yondashuvlarini o‘rganish uchun muhim imkoniyat yaratmoqda.

FM Facebook Twitter Instagram Telegram YouTube YouTube