O‘zDJTU rektori Ispaniyada o‘tkazilgan panel muhokamasida so‘zga chiqdi
O‘zbekiston–Ispaniya universitetlari rektorlari birinchi forumi doirasida Madrid shahrida “Ispan tili, madaniyati va akademik hamkorlik” mavzusida panel muhokamasi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur sessiyada ispan tili va madaniyatini xalqaro miqyosda targ‘ib qilish, O‘zbekiston va Ispaniya oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi akademik hamkorlikni kengaytirish, talabalar hamda professor-o‘qituvchilar almashinuvini rivojlantirish hamda qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.
Panelda O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti rektori Ilxomjon Tuxtasinov so‘zga chiqib, ikki davlat oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, ispan tili ta’limini rivojlantirish, akademik almashinuv dasturlarini kengaytirish hamda qo‘shma ilmiy va ta’limiy loyihalarni amalga oshirish muhimligini ta’kidladi.
Shuningdek, Samarqand davlat chet tillar instituti rektori Bakhodir Kholikov ham panel muhokamasida ishtirok etdi.
Ushbu sessiya O‘zbekiston va Ispaniya o‘rtasidagi ta’lim sohasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish hamda universitetlararo aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan muhim platforma bo‘ldi.
2026-06-11 02-08