O‘zDJTU rektori qurilayotgan yangi talabalar turar joyidagi bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi

O‘zDJTU rektori qurilayotgan yangi talabalar turar joyidagi bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi

Bugun O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti rektori Ilxomjon Tuxtasinov universitet rahbariyati hamda mas’ul xodimlar bilan birgalikda Toshkent shahri, Zakovat ko‘chasi, 4-uy manzilida barpo etilayotgan yangi talabalar turar joyi (TTJ) qurilish obyektiga tashrif buyurdi.

Tashrif davomida qurilish ishlarining borishi, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari sifati, obyektning loyiha asosida barpo etilishi hamda belgilangan muddatlarda foydalanishga topshirilishi bilan bog‘liq masalalar atroflicha ko‘rib chiqildi.

Rektor qurilish maydonini ko‘zdan kechirar ekan, bino va inshootlarning zamonaviy talablarga mos ravishda bunyod etilishi, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari, ichki infratuzilma, yong‘in xavfsizligi, energiya samaradorligi hamda talabalar uchun yaratilayotgan qulay sharoitlarga alohida e’tibor qaratdi.

Shuningdek, mas’ullar bilan o‘tkazilgan muhokamada talabalar turar joyidagi yashash xonalari, o‘quv va mustaqil ta’lim olish uchun mo‘ljallangan hududlar, dam olish maskanlari, maishiy hamda sanitariya-gigiyena sharoitlari, hududni obodonlashtirish ishlari yuzasidan fikr almashildi va tegishli tavsiyalar berildi.

Tashrif yakunida Ilxomjon Tuxtasinov qurilish ishlarini sifatli, belgilangan muddatlarda hamda barcha texnik me’yorlarga to‘liq rioya etgan holda yakunlash yuzasidan mas’ullarga aniq topshiriqlar berdi.

Ta’kidlanganidek, yangi talabalar turar joyi universitet talabalari uchun nafaqat zamonaviy yashash maskani, balki ularning sifatli ta’lim olishi, ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanishi, bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishi va har tomonlama kamol topishi uchun qulay muhit yaratishga xizmat qiladi. Mazkur loyiha universitet infratuzilmasini yanada rivojlantirish va talabalarga yaratilayotgan shart-sharoitlarni yangi bosqichga olib chiqish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri hisoblanadi.

FM Facebook Twitter Instagram Telegram YouTube YouTube