O‘zDJTU rektori yangi talabalar turar joyi qurilish jarayonini o‘rgandi
Bugun O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti rektori Ilxomjon Tuxtasinov universitet rahbariyati va mas’ul xodimlar bilan birgalikda Toshkent shahri, Zakovat ko‘chasi, 4-uy manzilida barpo etilayotgan yangi talabalar turar joyiga tashrif buyurdi.
Tashrif davomida obyektning qurilish jarayoni, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlarining sifati va belgilangan loyiha asosida olib borilayotgani ko‘zdan kechirildi. Shuningdek, inshootni belgilangan muddatlarda foydalanishga topshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan ma’lumotlar olindi.
Rektor qurilish hududini aylanib, binoning ichki va tashqi qismlari, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari, infratuzilma, yong‘in xavfsizligi hamda energiya samaradorligi bilan bog‘liq masalalarga e’tibor qaratdi.
Alohida e’tibor talabalar uchun yaratiladigan yashash sharoitlariga qaratildi. Xususan, yashash xonalari, o‘quv va mustaqil ta’lim olish uchun mo‘ljallangan hududlar, dam olish joylari, maishiy va sanitariya-gigiyena sharoitlari, shuningdek, hududni obodonlashtirish ishlari holati o‘rganildi.
Mas’ullar bilan o‘tkazilgan muhokamada yangi talabalar turar joyini zamonaviy talablar asosida jihozlash, qurilish va pardozlash ishlarida sifatni ta’minlash, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish hamda obyektni foydalanishga topshirish jarayonlarini jadallashtirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Aniqlangan vazifalar yuzasidan mas’ullarga tegishli topshiriq va tavsiyalar berildi.
2026-08-07 08-31