O‘zDJTUda ijro intizomini mustahkamlashga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi
2025-yil 8-avgust kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2025-yil 6-avgustdagi 57-son bayoni hamda 2025-yil 1-avgustdagi 278-son buyrug‘i ijrosini ta’minlash doirasida ijro intizomini mustahkamlashga bag‘ishlangan o‘quv-amaliy seminar o‘tkazildi.
Seminar universitetning Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash, nazorat va monitoring hamda Devonxona bo‘limi tomonidan tashkil etildi. Tadbir universitet rektori Ilxomjon Tuxtasinov tomonidan ochib berildi.
Seminarda universitet yuristkonsulti Sh. Abdilayev O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 25-iyuldagi PF-117-sonli Farmoni – “Davlat organlari va tashkilotlarda ijro intizomini yanada mustahkamlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida” hujjatining mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida ma’lumot berdi.
Shuningdek, Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash, nazorat va monitoring bo‘limi boshlig‘i S. Raxmonov ijro intizomini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, “Ijro.gov.uz” tizimining imkoniyatlari hamda 2025-yil yanvar–iyul oylarida universitetda 5131 ta hujjat kirim qilinib, ijroga yo‘naltirilgani haqida hisobot taqdim etdi.
Seminar yakunida mas’ullar tomonidan Farmon talablarini to‘liq va sifatli bajarish, barcha bo‘g‘indagi rahbar va xodimlarning shaxsiy mas’uliyati va javobgarligini oshirish, hujjatlar ijrosini elektron tizimlar orqali samarali nazorat qilish bo‘yicha topshiriqlar belgilandi.