OʻzDJTUda talaba-yoshlar uchun ilmiy-amaliy seminar tashkil etildi

OʻzDJTUda talaba-yoshlar uchun ilmiy-amaliy seminar tashkil etildi

Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetida talabalarning yozgi taʼtil davridagi boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularning tadbirkorlik, startap loyihalari hamda grant va subsidiyalardan foydalanish boʻyicha bilim va koʻnikmalarini oshirish maqsadida “Talaba-yoshlar tadbirkorligini rivojlantirishda grant va subsidiyalarning oʻrni: davlat va xalqaro moliyalashtirish dasturlari” mavzusida ilmiy-amaliy seminar oʻtkazildi.

Seminar Rus filologiyasi fakulteti tashabbusi bilan Ilmiy-innovatsion ishlanmalarni tijoratlashtirish boʻlimi, OʻzDJTU Karyera markazi hamda Xalqaro reytinglar bilan ishlash boʻlimi hamkorligida tashkil etildi. Unda Rus filologiyasi fakulteti talabalari anʼanaviy va Zoom platformasi orqali onlayn formatda ishtirok etdilar.

Tadbir davomida Ilmiy-innovatsion ishlanmalarni tijoratlashtirish boʻlimi rahbari F. Abdullayeva hamda boʻlim mutaxassislari S. Ismoilov va D. Azizova tomonidan boʻlim faoliyati, startap va innovatsion loyihalarni qoʻllab-quvvatlash mexanizmlari, davlat va xalqaro grant dasturlarida ishtirok etish tartibi, shuningdek, loyihalarni moliyalashtirish imkoniyatlari haqida batafsil maʼlumot berildi.

OʻzDJTU Karyera markazi mutaxassisi Sh. Minosidinov talabalarga career.edu.uz platformasi hamda “Kelajakka qadam” dasturining imkoniyatlarini tanishtirdi. Shuningdek, talabalar bandligini taʼminlash, bitiruvchilarni ishga joylashtirish, ish beruvchilar bilan hamkorlikni rivojlantirish va mavjud vakant ish oʻrinlariga murojaat qilish tartibi yuzasidan tavsiyalar berildi.

Seminarda Xalqaro reytinglar bilan ishlash boʻlimi xodimi, “El-yurt umidi” jamgʻarmasi granti asosida Buyuk Britaniyaning Reading universitetida magistratura bosqichini tamomlagan Qodirbek Bobosherov ham ishtirok etdi. U xalqaro grant dasturlarini izlash va tanlash, hujjatlarni sifatli tayyorlash, motivatsion xat yozish, suhbat jarayoniga tayyorgarlik koʻrish hamda grantlarni muvaffaqiyatli qoʻlga kiritish boʻyicha oʻz tajribasi va amaliy tavsiyalari bilan oʻrtoqlashdi.

Seminar yakunida talabalar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan batafsil javob oldilar.

 

FM Facebook Twitter Instagram Telegram YouTube YouTube