“Sportchi – yurt himoyachisi!” shiori ostidagi sport marafoni O‘zDJTUda yuqori ruhda o‘tkazildi

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tashabbusi bilan 2025-yil may oyida yurtimiz bo‘ylab “Sportchi – yurt himoyachisi!” shiori ostida “Sport oyligi” e’lon qilindi. Mazkur tashabbusning asosiy maqsadi yoshlar, xususan, talabalarning jismoniy faolligini oshirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish hamda ularning ona Vatanga bo‘lgan sadoqati va g‘ururini yanada kuchaytirishdan iborat.

Ushbu sport oyligi doirasida O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida ham bir qator sport tadbirlari tashkil etilmoqda. Jumladan, universitet miqyosida talabalar, professor-o‘qituvchilar hamda ma’muriyat vakillari ishtirokida katta sport marafoni o‘tkazildi.

 

 

Marafon tadbirini universitet rektori Ilxomjon Tuxtasinov kirish so‘zi bilan ochib berdi. U o‘z nutqida sportning inson salomatligi, irodasini kuchaytirishdagi o‘rni, ayniqsa, yoshlar ongida vatanparvarlik tuyg‘ularini shakllantirishdagi ahamiyatiga alohida to‘xtalib o‘tdi. Shuningdek, rektor marafonda bevosita ishtirok etib, talabalarga shijoat va sportga mehr bilan yondashish zarurligini namuna sifatida ko‘rsatdi.

 

 

Marafonda universitetning barcha fakultetlaridan talabalar, yoshlar ittifoqi yetakchilari, sport fani o‘qituvchilari va sport klubi murabbiylari faol ishtirok etdilar. Tadbir ko‘tarinki ruhda, sog‘lom raqobat va hamjihatlik muhitida o‘tdi.

Tadbir yakunida marafon g'oliblariga pul mukofotlari topshirildi.

Facebook Twitter Instagram Telegram YouTube YouTube